O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan poytaxtimizda joylashgan kuch tuzilmalarning otliq bo‘linmalari ishtirokida "Otliq kavaleriya paradi" o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 avgustdagi “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi PQ-5211 son Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan poytaxtimizda joylashgan kuch tuzilmalarning otliq bo‘linmalari ishtirokida "Otliq kavaleriya paradi" o‘tkazildi.
Ushbu paradda ishtirok etadigan chavandozlar “O‘zbekiston” mehmonxonasi avtoturargohidan Amir Temur xiyobonini ikki marta aylanib o‘tib “Hyatt” mehmonxonasi avtoturargohida to‘xtab tadbirga yakun yasashdi.
Unda Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari, Milliy gvardiya ot sporti bo‘yicha oliy sport mahorati maktabi chavandozlari 100 ga yaqin otlarda ishtirok etishdi.
Mazkur “Otliq kavaleriya paradida” Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari nafaqat harbiy formada balki, milliy va tarixiy sarkardalarning liboslarida hiyobon uzra otlarda yurib o‘tishdi.
Shuningdek, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi harbiy orkestorlari jamoalari sportchilarni musiqa sadolari bilan qo‘llab-quvvatlab turishdi.
Bu esa o‘z navbatida “Otliq kavaleriya paradi”ga tashrif buyurgan 5 mingga yaqin poytaxtimiz aholisi va mehmonlariga o‘zgacha bayramona shukuh bag‘ishladi.
Shu bilan birga fuqarolar Milliy gvardiya Toshkent va Sirdaryo viloyatlari Chavandozlar maktablari va Ot sporti bo‘yicha oliy sport mahorati maktabi tomonidan tashkil etilgan o‘ziga hos milliy pavilionlarni tomosha qilish hamda Poni zotli otlarda fotosura’tlarga tushish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan bu kabi “Ot paradi” tadbirlari mamlakatimizda nishonlanadigan rasmiy bayram kunlari arafasida poytaxtimizda va respublikamizning viloyat markazlarida hamkor vazirlik va hokimiyat hamkorligida doimiy ravishda tashkillashtirilishi an’anaga aylanib ulgurgan.

Boshqa xabarlar