O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY GVARDIYASI CHAVANDOZLAR MAKTABLARI O'RTASIDA JAMOAVIY ULOQ-KO'PKARI BO'YICHA "MILLIY GVARDIYA QO'MONDONI KUBOGI" MUSOBAQASI BO'LIB O'TDI
Xalqimizda ot minishga, ko'pkari tomosha qilishga qiziqmagan yigit kam bo'lsa kerak. Otlarning pishqirishi, tuyoqlar dupuri, chavandozlarning shiddatli qiyofasi, bakovulning hayqirig‘i, son-sanoqsiz tomoshabinlarning qiy chuviga to‘lgan maydon zavqi kishini lol qoldiradi. Ko‘pkari oddiy ko‘ngilochar o‘yin emas, polvon chavandozlar uchun solimga qo‘yilgan qimmatbaho narsa emas, aksincha, bakovulning adolati, nomdor chavandozning abjirligi, haqiqat g‘alaba qozonishi, omad doim mardniki bo‘lishidadir.
Joriy yilning 11 noyabr kuni Toshkent viloyati YuqoriChirchiq tumani Farovon MFYda joylashgan Milliy gvardiya Kavaleriya eskadroni hududida O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Chavandozlar maktablari o'rtasida jamoaviy
uloq-ko'pkari bo'yicha "Milliy gvardiya qo'mondoni kubogi" musobaqasi bo'lib o'tdi.
Unda Milliy gvardiya Toshkent, Andijon, Farg'ona, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari Chavandozlar maktablari jamoalari qorabayir zotli otlarida ishtirok etishdi.
Musobaqaning dastlab rasmiy qur’a tashlash marosimidan so’ng ilk bellashuv Milliy gvardiya Toshkent va Samarqand viloyatlari Chavandozlar maktablari jamoalarining o'zaro bellashuvi ostida kechdi. Bellashuvning ikkinchi o’yinida Milliy gvardiya Navoiy va Farg’ona viloyatlari Chavandozlar maktablari jamoalari bellashishdi. Musobaqaning uchinchi o’yinida Milliy gvardiya Jizzax va Andijon viloyatlari Chavandozlar maktablari jamoalari o’zaro bellashgan bo'lsa, to’rtinchi o’yinda esa Milliy gvardiya Sirdaryo va Namangan viloyatlari Chavandozlar maktablari jamoalari o’zaro raqobatlashishdi.
To‘da-to‘da otlarning pishqirishi, qamchining havoda aylanishi, “ha, halolla azamat” deb bakovulning baqirishi, qamchini etik qo‘njiga tiqib olgan, yugan uchini egar boshiga ilib uloqqa uzalgan chavandozlarning bellashuvi shiddatli va qizg‘in bahslar ostida kechdi.
Musobaqaning yarim final bahslarida Milliy gvardiya Toshkent va Farg’ona viloyatlari Chavandozlar maktablari jamoalari o’zaro bellashgan bo'lsa, ikkinchi yarim final bahslarida esa Milliy gvardiya Andijon va Namangan viloyatlari Chavandozlar maktablari jamoalari o’zaro kuch sinashishdi.
Qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘lgan ko‘pkari bellashuvini yig'ilganlar katta qiziqish bilan kuzatib borishdi.
Mazkur musobaqaning Final bahslarida Milliy gvardiya Toshkent va Namangan viloyatlari jamoalari chavandozlarining o'zaro bellashuvlari qizg'in va murosasiz tarzda o'tib, musobaqaning yakuniy natijalariga ko'ra, Milliy gvardiya Namangan viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi g'alabasi bilan yakunlanib, ikkinchi o'rinni Milliy gvardiya Toshkent viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi egallagan bo'lsa, uchinchi o'rin esa Milliy gvardiya Farg'ona viloyati Chavandozlar maktabi jamoasiga nasib etdi.
Shundan so’ng, 500 nafardan ziyod mahalliy mohir polvon chavandozlar, havaskor chavandozlar hamda Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari chavandozlari ishtirokida o’tkazilgan olomon uloq-ko'pkari musobaqasida ko‘plab epchil va chapdast chavandozlar uloq ayirdi. Marraga uloqni olib kelgan mohir chavandozlar mehnatiga yarasha rag‘batlantirildi. Ulardan biri Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati Chavandozlar maktabining mohir chavandozi Bahtishod Saydaliyev o‘zining "Jiyron" laqabli otida epchilligini, jasoratini aql idrokini, kuchliligini va mardligini namoyish etdi. Chavandozga gilam va pul mukofoti topshirildi.
Ushbu musobaqa mardlik, jasorat namunasi bo‘lgan barcha polvon chavandozlarni bir maydonda birlashtirdi.