Ot sportining Polo turi bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida “Adolat Ayollar Arena Polo Kubogi 2025” ilk tarixiy musobaqa bo'lib o'tdi.
Bugungi Milliy gvardiya Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorat maktabida bo‘lib o‘tgan mazkur musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Polo federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi, Adolat sotsial-demokratik partiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Xalqaro Polo Federatsiyasi, Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi hamda boshqa mutasaddi idora va tashkilot mas'ullari ishtirok etishdi.
Dastlab tadbir boshida so‘zga chiqqanlar ushbu musobaqa kelgusida an’anaviy tarzda o‘tkazilib, ayollar o‘rtasida Polo sportini yanada ommalashtirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Musobaqada Chilonzor polo jamoasi, Yakkasaroy polo jamoasi, Jamoat xavfsizligi universiteti polo jamoasi, Adolat polo jamoasi iste’dodli chavandozlari ishtirok etib, o‘z mahorati, jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy o‘yindagi uyg‘unligini namoyish etdi. Musobaqa yuqori saviyada o‘tkazilib, tomoshabinlar va mutaxassislar tomonidan iliq kutib olindi.
Musobaqa davomida Jamoat xavfsizligi universiteti orkestrlari tomonidan ijro etilgan jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar tadbirga alohida bayramona ruh bag‘ishladi. Shuningdek, universitet kursantlarining qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning jismoniy tayyorgarligi, intizomi va mahoratini yaqqol namoyon etdi. Ushbu chiqishlar sport musobaqasi bilan uyg‘unlashib, tadbirning mazmunini yanada boyitdi hamda tomoshabinlarga unutilmas taassurot qoldirdi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Chilonzor polo jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Jamoat xavfsizligi universiteti polo jamoasi egallashdi. Uchinchi o‘ringa esa Yakkasaroy polo jamoasi hamda Adolat polo jamoasi munosib deb topildi.
G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan kubok, diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandilar.
Ushbu tarixiy tadbir mamlakatimizda ayollar sportini rivojlantirish, ot sportiga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda xotin-qizlarning professional va havaskor darajada ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.



