“Jaloliddin Manguberdi” nomidagi harbiy-akademik litsey o‘quvchilari Milliy gvardiya Chavandozlar maktabiga tashrif buyurdi

Urganch shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi harbiy-akademik litsey o‘quvchilari Milliy gvardiya Chavandozlar maktabiga tashrif buyurib, chavandozlik bilan yaqindan tanishdilar.

Bu tashrifni oddiy ekskursiya emas, balki ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning bir ko‘rinishi sifatida baholash mumkin.

Tashrif avvalida o‘quvchilar maxsus otxonalarga kirib, sport otlarining saqlanish sharoitlari, ularning kundalik parvarishi va oziqlantirish tartibi bilan tanishdilar. Mutaxassislar ularga har bir otning alohida tayyorgarlik darajasi, xarakteri va vazifasiga qarab parvarish qilinishi haqida batafsil tushuntirib berishdi. O‘quvchilar otlarning tozaligi, ularni parvarish qilish jarayoni hamda veterinariya nazoratining ahamiyatini qiziqish bilan kuzatdilar.

Keyingi bosqichda litsey o‘quvchilari chavandozlar tomonidan qo‘llaniladigan ot anjomlari — egarlash jihozlari, jilov, uzangi, himoya vositalari hamda maxsus ot anjomlari bilan tanishdilar. Ularga har bir anjomning vazifasi, otni boshqarishdagi o‘rni va xavfsizlikni ta’minlashdagi ahamiyati batafsil tushuntirildi.

Shundan so‘ng o‘quvchilar ot minish jarayonini bevosita kuzatishdi. Tajribali chavandozlar otga chiqish, uni boshqarish, harakatlantirish va turli mashqlarni bajarish texnikasini namoyish etdilar. Ba’zi o‘quvchilar esa instruktorlar nazorati ostida ot minib ko‘rish imkoniga ega bo‘lib, chavandozlik mahoratining murakkab va mas’uliyatli jihatlarini amalda his qildilar.

Bunday hamkorlik intizom, jismoniy tayyorgarlik va ot bilan ishlashda o‘zaro ishonchning muhimligi alohida ta’kidlandi. Litsey o‘quvchilar uchun ushbu ekskursiya nafaqat qiziqarli, balki harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiruvchi muhim tajriba bo‘ldi.

Boshqa xabarlar