Buyuk Britaniya, Angliya, Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda Pokiston davlatlaridan kelgan mehmonlar Toshkent shahridagi Milliy gvardiya Chavandozlar maktabida
Buyuk Britaniya, Angliya, Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda Pokiston davlatlaridan yurtimizga tashrif buyurgan turistlar Toshkent shahrida joylashgan Milliy gvardiya Chavandozlar maktabida bo‘lib, muassasada yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ot sportini rivojlantirishga qaratilgan imkoniyatlar hamda milliy chavandozlik an’analari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida xorijiy mehmonlarga Chavandozlar maktabining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ot sportining o‘ziga xos jihatlari, milliy ot sporti turlari va xalqimizning asrlar davomida shakllangan chavandozlik an’analari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, maktab hududida tashkil etilgan zamonaviy infratuzilma, sport maydonlari, otlarni saqlash va parvarishlash uchun mo‘ljallangan joylar hamda chavandozlar mashg‘ulotlari uchun yaratilgan qulayliklar mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
Xorijiy sayyohlar tashrif davomida otlarni parvarishlash jarayonlari, ularni oziqlantirish va saqlash sharoitlari bilan tanishib, ot sporti bilan shug‘ullanish uchun zarur bo‘lgan kundalik mehnat va mas’uliyat haqida tasavvurga ega bo‘ldilar. Mehmonlarga otlar salomatligini ta’minlash, ularni mashg‘ulotlarga tayyorlash hamda sport otlarini parvarishlashning muhim jihatlari tushuntirildi.
Shu bilan birga, sayyohlar kamondan otish mashg‘ulotlari jarayonini kuzatib, ushbu sport turining texnikasi, aniqlik va diqqatni jamlashga bo‘lgan talablari bilan tanishdilar. Milliy chavandozlik madaniyati bilan uyg‘unlashgan mazkur mashg‘ulotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sport maydonlarida olib borilayotgan mashg‘ulotlar hamda chavandozlarning mahoratini oshirishga qaratilgan amaliy jarayonlar ham tashrif ishtirokchilariga namoyish etildi.
Tadbir davomida mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob olib, O‘zbekistonda ot sporti va milliy chavandozlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Xorijiy sayyohlar uchun tashkil etilgan mazkur tashrif mamlakatimizda sport, madaniyat va turizm yo‘nalishlarining o‘zaro uyg‘unligini namoyon etuvchi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Bunday tashriflar orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy sport turlari, otchilik an’analari va zamonaviy sport infratuzilmasi xalqaro mehmonlarga keng targ‘ib etiladi. Ayniqsa, chavandozlik san’ati, otlarga bo‘lgan e’tibor va milliy ot sportining o‘ziga xos xususiyatlarini xorijiy sayyohlarga namoyish etish mamlakatimizning turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Milliy gvardiya Chavandozlar maktabida tashkil etilayotgan bunday ma’rifiy va tanishtiruv tadbirlari milliy sport merosini asrab-avaylash, uni keng jamoatchilikka yetkazish hamda xorijiy mehmonlarda O‘zbekistonning ot sporti va chavandozlik madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.




