Navoiylik bolajonlar va otlar: mehr, quvonch va unutilmas lahzalar

Milliy gvardiya Navoiy viloyati Chavandozlar maktabida Navoiy shahridagi 14-son Davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari uchun unutilmas va mazmunli uchrashuv tashkil etildi. Ushbu tadbir bolajonlarga otlar bilan yaqindan tanishish, ularning parvarishi, odatlari hamda inson hayotidagi o'rni haqida qiziqarli ma'lumotlar olish imkonini berdi.

Sayohat davomida tarbiyalanuvchilar chavandozlar maktabi faoliyati bilan tanishib, otlarni yaqindan kuzatishdi, ularni mehr bilan silab, samimiy hissiyotlarga boy lahzalarni boshdan kechirishdi. Bolajonlarning yuzidagi quvonch, hayrat va beg'ubor tabassum tadbirga o'zgacha fayz bag'ishladi. Ayniqsa, otlarning muloyimligi va bolalarga bo'lgan xotirjam munosabati kichkintoylarda katta taassurot qoldirdi.

Mutaxassislar tomonidan bolalarga otlarni parvarish qilish, ularga to'g'ri munosabatda bo'lish, oziqlantirish va ularga g'amxo'rlik ko'rsatishning ahamiyati haqida sodda va tushunarli tarzda ma'lumotlar berildi. Bu esa tarbiyalanuvchilarning nafaqat bilimlarini boyitdi, balki ularda jonivorlarga nisbatan mehr-oqibat, e'tibor va mas'uliyat hissini yanada kuchaytirdi.

Bunday ma'rifiy va tarbiyaviy uchrashuvlar bolalarning tabiatga, hayvonot olamiga bo'lgan qiziqishini oshirish, ekologik madaniyatini shakllantirish hamda mehr-shafqat, g'amxo'rlik va insonparvarlik kabi ezgu fazilatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bunday tadbirlar bolalarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish, ularga yangi taassurotlar ulashish va ijobiy kayfiyat bag'ishlashga xizmat qiladi.

Milliy gvardiya Navoiy viloyati Chavandozlar maktabida tashkil etilgan ushbu uchrashuv bolajonlar uchun quvonchga, iliq taassurotlarga va unutilmas xotiralarga boy bo'ldi. Kichkintoylarning beg'ubor kulgisi, otlarga bo'lgan samimiy mehri va cheksiz qiziqishi ushbu kunni yanada mazmunli, fayzli hamda esda qolarli voqeaga aylantirdi.

Boshqa xabarlar