"Qoraqalpoq ovuli"da Fransiyalik sayyohlarga milliy ot sporti o'yinlari namoyish etildi
Nukus shahrida joylashgan "Qoraqalpoq ovuli" maskanida Fransiya davlatidan tashrif buyurgan sayyohlar uchun milliy ot sporti turlari bo‘yicha tadbir tashkil etildi.
Tadbirda mehmonlarga qoraqalpoq xalqining asrlar davomida shakllanib kelgan chavandozlik an’analari, milliy o‘yinlarning tarixi va o‘ziga xos jihatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Sayyohlar uchun Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi tomonidan uloq-ko‘pkari, tanga olish hamda qiz quvdi kabi milliy ot sporti turlari amaliy tarzda namoyish etildi. Ayniqsa, chavandozlarning ot ustidagi chaqqonligi, epchilligi va yuqori mahorati xorijlik turistlarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar milliy o‘yinlarning nafaqat sport, balki xalqning urf-odati, jasorat va mardlik timsoli ekanini alohida e’tirof etdilar.
Tadbir davomida Fransiyalik sayyohlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, ot sporti an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Shuningdek, ular milliy liboslar, qadimiy urf-odatlar va Qoraqalpoq xalqining mehmondo‘stlik an’analariga ham yuqori baho berdilar.
Mazkur mahorat darsi mamlakatimizning boy milliy merosi va turizm salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijiy mehmonlarda qoraqalpoq milliy sport turlariga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.




