Ark qal'asida “Buxoro III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali” doirasida otlar paradi o'tkazildi
Buxoroning Ark qal'asida viloyat hokimligi, Milliy gvardiya Buxoro viloyati boshqarmasi, Chavandozlar maktabi hamda viloyat madaniyat boshqarmasi hamkorligida “Buxoro III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali” doirasida ko‘tarinki ruhdagi otlar paradi tashkil etildi. Qadimiy va betakror tarixiy maskanda o‘tkazilgan ushbu tadbir festivalga o‘zgacha shukuh va milliy ruh bag‘ishladi.
Paradda milliy liboslarda saf tortgan chavandozlar, did bilan bezatilgan tulporlar hamda an’anaviy chiqishlar tomoshabinlar e’tiborini tortdi. Tadbir davomida o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, azaliy urf-odatlari va chavandozlik san’atining o‘ziga xos jihatlari namoyon etildi. Ayniqsa, otlarning tartibli yurishi, chavandozlarning mahoratli harakatlari va milliy kuy-qo‘shiqlar uyg‘unligi yig‘ilgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Mazkur parad nafaqat festivalning mazmunan boy o‘tishiga xizmat qildi, balki Buxoroning turizm salohiyati, milliy hunarmandchilik an’analari va madaniy qadriyatlarini keng targ‘ib etishda ham muhim ahamiyat kasb etdi. Festivalga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy mehmonlar qadimiy Buxoro muhitida tashkil etilgan ushbu tomoshadan katta zavq oldilar.
“Buxoro III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali” doirasidagi bunday madaniy tadbirlar milliy san’at va hunarmandchilikni rivojlantirish, yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda yurtimizning boy tarixiy merosini dunyoga keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.




