Dehibalandda an’anaviy uloq-ko‘pkari bo'lib o'tdi

Kuni kecha, Navoiy viloyatidagi Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi hamda viloyat Uloq-ko‘pkari federatsiyasi hamkorligida Nurota tumani Dehibaland MFY hududida an’anaviy uloq-ko‘pkari musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur sport tadbiri milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yoshlar o‘rtasida milliy sport turini keng targ‘ib qilish hamda chavandozlar mahoratini oshirish maqsadida o‘tkazildi. Musobaqada viloyatimizning turli tumanlaridan tashrif buyurgan hamda qo‘shni hududlardan kelgan jami 250 nafarga yaqin mahalliy va mehmon chavandozlar faol ishtirok etdilar.

Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy bo‘lib, har bir chavandoz o‘zining chaqqonligi, jasorati va mahoratini namoyon etdi. Musobaqani 1000 nafardan ortiq tomoshabinlar kuzatib, milliy sportimizga bo‘lgan qiziqish va e’tibor yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan chavandozlar va g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar. Ushbu musobaqa milliy sportimiz – uloq-ko‘pkari an’analarini yanada rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Boshqa xabarlar