Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Samarqand viloyatida barpo etilayotgan Chavandozlar maktabining yangi binosi qurilish ishlari bilan tanishish maqsadida tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S.D.Mamayusupov mas’ul mutasaddilar hamrohligida qurilish maydonida olib borilayotgan ishlar, loyiha-reja asosida amalga oshirilayotgan bosqichlar hamda infratuzilmani shakllantirish jarayonlari batafsil ko‘zdan kechirildi.

Shuningdek, Chavandozlar maktabi uchun tayyorlangan loyiha taqdimoti ham namoyish etildi. Taqdimot davomida markazning kelajakdagi faoliyati, ot sportini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar, sportchilar uchun yaratiladigan shart-sharoitlar hamda zamonaviy standartlarga mos infratuzilma bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, ot sporti mamlakatda ommalashib borayotganini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishni yanada rivojlantirish, yosh chavandozlar uchun professional tayyorgarlik tizimini yaratish hamda xalqaro standartlarga javob beradigan sport majmuasini shakllantirish muhimligini qayd etdi.

Tashrif davomida asosiy e’tibor otlarni saqlash va parvarishlash uchun yaratiladigan sharoitlarga qaratildi. Mutasaddilarga otxona infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida jihozlash, veterinariya xizmati sifatini oshirish hamda sport otlarini tayyorlash jarayonlarini ilmiy yondashuv asosida tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, kelgusida xalqaro miqyosdagi ot sporti musobaqalari va turli tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatini yaratish masalasi ham muhokama qilindi. Shu maqsadda sport majmuasining arxitektura yechimlari, tomoshabinlar uchun qulayliklar, xavfsizlik tizimi hamda musobaqalar o‘tkazish infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Yakunda Chavandozlar maktabi qurilishi jarayonini belgilangan muddatlarda va sifatli yakunlash, barcha infratuzilma elementlarini zamonaviy talablar asosida barpo etish hamda ot sportini rivojlantirishga xizmat qiladigan kompleks tizimni yaratish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.

Boshqa xabarlar