“Kichik daholar” orzulari otlar shijoati bilan uyg‘unlashdi: Markaziy ippodromda unutilmas mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan Markaziy Ippodrom ot chopar maydonida Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi tomonidan Yakkasaroy tumanida faoliyat yuritayotgan “Kichik daholar” xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari uchun qiziqarli va mazmunli mahorat darsi tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi bolalarni ot sporti, chavandozlik san’ati bilan yaqindan tanishtirish, ularda Vatanga muhabbat, jasorat va sportga qiziqish tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Mahorat darsi davomida Chavandozlar maktabining tajribali murabbiylari va chavandozlari tomonidan otlarni parvarishlash, ularni mashg‘ulotlarga tayyorlash hamda chavandozlik sir-asrorlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, tarbiyalanuvchilar uchun ot sporti bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilib, chavandozlarning mahoratli harakatlari bolalarda katta taassurot qoldirdi. Bolalar otlarning zotlari, ularning xususiyatlari hamda sport va xizmat faoliyatidagi o‘rni haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Tadbir davomida ishtirokchilarga otlar bilan yaqindan muloqot qilish, ularni erkalash va suratga tushish imkoniyati yaratildi. Bu esa bolalarning hayvonlarga mehr-muhabbatini yanada oshirishga xizmat qildi. Mahorat darsi samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tib, tarbiyalanuvchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

Yakunda “Kichik daholar” xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi rahbariyati va tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan ushbu ma’rifiy va tarbiyaviy tadbir uchun Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi jamoasiga minnatdorlik bildirildi. Mazkur kabi tadbirlar yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol va vatanparvar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Boshqa xabarlar