Milliy qadriyatlar va ot sporti yoshlar nigohida

Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Samarqand viloyati Kamondan otish federatsiyasi, Samarqand viloyati Chavandozlar maktablari hamda “Redbridge International School” xususiy maktabi hamkorligida yoshlar o‘rtasida ot sportini keng targ‘ib qilish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosiga bo‘lgan hurmatini yanada mustahkamlash maqsadida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.

Mazkur hamkorlik doirasida yoshlar uchun otlar va poni otlarida sayr qilish imkoniyati yaratildi. Tadbir davomida ishtirokchilar tajribali mutaxassislar va murabbiylar ko‘magida otlarga parvarish ko‘rsatish, ularni boshqarish hamda ot sportining o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishishdi. Ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar uchun tashkil etilgan poni otlaridagi sayrlar ularda katta qiziqish va quvonch uyg‘otdi.

Bunday tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularda jasorat, matonat, mas’uliyat va intizom kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ot sporti orqali ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan milliy qadriyatlar va an’analarni yosh avlod ongiga singdirish, ularda ona Vatanga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘ularini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Tadbir ishtirokchilari uchun xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda yaratilgan sharoitlar ularga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi. Yoshlar otlar bilan muloqot qilish jarayonida nafaqat yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi, balki tabiat va hayvonot olamiga mehr-muhabbat tuyg‘ularini ham yanada mustahkamladilar.

Kelgusida ham ushbu hamkorlik doirasida ot sportini rivojlantirish, yoshlarni milliy sport turlariga keng jalb etish va ular uchun turli ma’naviy-ma’rifiy hamda sport tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu kabi tashabbuslar barkamol, jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk avlodni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Boshqa xabarlar