Uloq-ko'pkari bo'yicha O'zbekiston kubogi musobaqasi bo'lib o'tdi

Joriy yilning 28-29-30-noyabr kunlari Sirdaryo viloyatining Bovoyut tumanida joylashgan Milliy gvardiya Chavandozlar maktabining “Otchopar” maydonida Milliy gvardiya Chavandozlar maktablarining katta yoshdagi sportchi-chavandozlari o'rtasida ot sportining uloq-ko'pkari turi bo'yicha O'zbekiston kubogi musobaqasi bo'lib o'tdi.

Dastlab musobaqaning ochilish marosimi o’tkazildi. Marosimda so’zga chiqqanlar musobaqa ishtirokchilari, mehmonlar va koʻpkari ishqibozlarini samimiy tabriklab, O'zbekiston kubogini ochiq deb e'lon qilishdi.

Shundan so’ng rasmiy qur'a tashlash marosimida belgilanganidek ilk bellashuvni Milliy gvardiya Toshkent va Jizzax viloyatlari Chavandozlar maktablari jamoalari boshlab berishdi.

Hakamlar 35 kilogramm vazndagi uloqni to‘daga tashlaganidan so'ng maydon otlar dupuriga to‘ldi. Uloqni maydonga tashlagan bakovul butun ko‘pkari davomida o‘yinga hakamlik qildi. Talato‘pdan uloqni ajratib olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun yaxshi ot, bilak kuchi va ulkan tajriba kerak. Otlarning pishqirishi, tuyoqlar dupuri, chavandozlarning shiddatli qiyofasi, bakovulning hayqirig‘i, son-sanoqsiz tomoshabinlarning qiy chuviga to‘lgan maydon zavqi bilan kishini lol qoldirdi.

Ko‘pkari - bu chavandozlar bahsi. Ko‘pkari chopish - chavandozlarning ot ustida ommaviy musobaqa shartlarini bajarib, g‘olib chiqish uchun olib boradigan kurash-jangidir deganlaridek, uch kun mobaynida o’tkazilgan musobaqada chavandozlar g'oliblik uchun kurashishdi. Bahslar musobaqa qoidalariga muvofiq olib borildi. Har bir o'yin esa 15 daqiqadan iborat bo'lib, 2 taymni tashkil etdi.

Musobaqaning yarim final bahslarida maydonga tushgan Milliy gvardiya Toshkent va Samarqand viloyatlari Chavandozlar maktablari terma jamoalari 3-o'rin uchun kurashdilar. Kurash o'ziga xos texnik va taktik mahoratlar bilan o'tdi. Har bir jamoalarning polvon chavandozlari chinakamiga kuchliligini ko'rsatishdi.

Uloq-ko'pkari bo'yicha O'zbekiston kubogining  yarim finali bahslarida Milliy gvardiya Toshkent va Samarqand viloyatlari Chavandozlar maktablari terma jamoalarining murosasiz kechgan kurashlari 7:5 natijasi bilan yakunlanib, Milliy gvardiya Samarqand viloyati Chavandozlar maktabi terma jamoasi musobaqaning 3-o'rin sohibiga aylanishdi.

Qisqa tanaffusdan so'ng, uloq-koʼpkari boʼyicha O'zbekiston kubogining Final bahslarida Milliy gvardiya Toshkent va Sirdaryo viloyatlari Chavandozlar maktablari terma jamoalari o’ziga xoz kurashlar olib borishdi. O’ziga xosligi shundaki, bu kurash qaysi jamoa chavandozlari g’oliblik shoxsupasiga ko’tarilishini aniqlab berdigan o’yin edi. Bu ikkala jamoalarning kesin, qizg’in va murosasiz tortishuvlari haqiqatdan ham kuchli bellashuvlar ostida kechdi. Mohir chavandozlar o'zlarining epchilligini, jasurligini, tezkorligini va otlarining qanchalik egasiga itoatkor ekanligini namoyon etishdi.

Final o’yini bellashuvi Milliy gvardiya Toshkent viloyati Chavandozlar maktabi terma jamoasi hisobiga 4:3 natijasi bilan yakunlanib, uloq-ko'pkari bo'yicha O'zbekiston kubogining mutloq g'olibiga aylanishdi.

Darhaqiqat, “to‘da-to‘da otlarning pishqirishi, qamchining havoda aylanishi, “Ha, halolla azamat” deb bakovullarning baqirishi, chavandozlarga ruh bag‘ishlaydi. Qamchini etik qo‘njiga tiqib olgan, yugan uchini egar boshiga ilib uloqqa uzalgan chavandozni hech kim shahdidan qaytara olmaydi”.

Yuqori saviyada tashkil etilgan bellashuvlar o'ziga xoz kuchli tarzda bo'lib, musobaqa nzom qoidalariga muvofiq olib borildi. Musobaqaning yakuniy natijalariga ko'ra:

Oltin medalni Milliy gvardiya Toshkent viloyati Chavandozlar maktabi terma jamoasi qo'lga kiritib musobaqa g'olibiga aylanishdi. Kumush medalga Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati Chavandozlar maktabi terma jamoasi sazovor bo'lishdi. Bronza medali esa Milliy gvardiya  Samarqand viloyati Chavandozlar maktabi terma jamoasiga nasib etdi.

G‘olib boʻlgan terma jamoalar chavandozlariga tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom va esdalik sovg'alari tantanali ravishda topshirildi.

Boshqa xabarlar