Termizda o‘quvchilar uchun harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Janubiy operativ qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism hamda Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi hamkorligida ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari uchun keng ko‘lamli vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi.

Mazkur tadbir yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat, harbiy kasbga qiziqish va yurt himoyachilariga nisbatan faxr tuyg‘usini shakllantirish maqsadida o‘tkazildi. Unda harbiy xizmatchilar tomonidan o‘quvchilarga qurolli Kuchlarimizning bugungi salohiyati, harbiylarning kundalik hayoti, jangovar tayyorgarlik jarayonlari hamda harbiy texnika va qurol-aslahalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir davomida harbiy qism hududida tashkil etilgan ko‘rgazmada zamonaviy qurol-aslahalar va maxsus texnikalar namoyish etildi. O‘quvchilar harbiy texnikalar bilan yaqindan tanishib, mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi tomonidan esa ot sporti namoyishlari, chavandozlik mahorati va milliy an’analarimizni aks ettiruvchi chiqishlar tashkil etildi. Bu esa yoshlarda nafaqat harbiy sohaga, balki milliy sport turlariga ham qiziqishni yanada oshirdi.

Shuningdek, tadbir doirasida saf tayyorgarligi ko‘rgazmali chiqishlari, harbiy orkestr ijrosi hamda vatanparvarlik ruhidagi she’r va qo‘shiqlar yangradi. O‘quvchilarga harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tartibi va yaratilgan imkoniyatlar haqida tushuntirish ishlari olib borildi.

Mazkur uchrashuv yoshlarni jismonan chiniqtirish, ma’naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalash, ularni Vatan himoyasiga sadoqat ruhida voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi. Tadbir yakunida o‘quvchilar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, harbiy kasb egalariga minnatdorlik bildirdilar.

Boshqa xabarlar