Surxondaryoda ot sportini rivojlantirishga qaratilgan yig'ilish bo‘lib o‘tdi
Davlatimiz rahbarining 2021-yildagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish, yangi avlod chavandozlarini tayyorlash va tarbiyalash, yoshlar o‘rtasida ot sportini faol targ‘ib qilish va ommalashtirish hamda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi, O‘zbekiston polo federatsiyasi va O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasining hududiy bo‘linmalari rahbarlari bilan har chorakda uchrashib, joylarda ot sportini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar o’tkazilishi belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida kuni kecha, Termiz Davlat Pedagogika institutining majlislar zalida viloyat hokimi o'rinbosari I.Saparov hamda Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo'yicha boshqarmasi boshlig'ining o'rinbosari Z.Oqbo'tayevlar raisligida Milliy gvardiya Qorabayir otlari mahorat maktabi va Chavandozlar maktabi faoliyatini takomillashtirish va ot sporti turlarini ommalashtirish bo’yicha yig’ilish bo’lib o’tdi.
Unda Milliy gvardiya Qorabayir otlari mahorat maktabi va Chavandozlar maktabi direktorlari, O’zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi viloyat bo’limi ijrochi direktorlari, sportchilar va murabbiylar hamda institut talaba yoshlari ishtirok etishdi.
Yig’ilishda so‘zga chiqqanlar yoshlarni ot sporti turlariga keng jalb qilish va ular orasida faol targ’ib qilish, Milliy gvardiya Qorabayir otlari mahorat maktabi va Chavandozlar maktabining faoliyatlarini yanada kuchaytirish borasidagi barcha masalalar ko‘rib chiqildi va aniq vazifalar belgilab olindi.