Respublikamiz bo'ylab Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari o'rtasida ot sportining polo turi bo'yicha o'tkaziladigan musobaqalarga start berildi
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan "O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025-yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, joriy yilning 14 sentyabr kunidan 27 oktyabr kuniga qadar respublikamiz bo'ylab Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari o'rtasida ot sportining polo turi bo'yicha musobaqalarni yuqori saviyada o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Xususan, joriy yilning 14 sentyabr kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan Bolalar o'smirlar sport maktabi hududida Milliy gvardiya Qoraqalpog'iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati Chavandozlar maktabalarining jamoalari ot sportining polo turi bo'yicha o'zaro bellashishdi.
Mazkur musobaqa O'zbekiston Polo federatsiyasida faoliyat ko'rsatuvchi hakamlar tomonidan to'g'ri va odilona baholab borildi.
Qizg'in va shiddatli bahslarga boy tarzda o'tgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko'ra, Milliy gvardiya Xorazm viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi 5:4 hisobida g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Musobaqa yakunida esa g'olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar.