Ozarbayjonning Sheki shahrida bo’lib o’tayotgan Xalqaro musobaqada O‘zbekiston Chovken terma jamoasi a'zosi Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabining sportchisi Berdiyor Aydarov tomonidan urilgan yagona gol jamoamizga muhim g‘alabani taqdim etdi.
2025-yilning 25-sentabr kuni O‘zbekiston Chovken terma jamoasi Ozarbayjonning Sheki shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro Chovken musobaqasida ishtirok etish uchun yetib bordi. 27-sentabr kuni musobaqaning rasmiy qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi “B” guruhidan o‘rin olib, Qozog‘iston va Turkiya terma jamoalari bilan bir guruhga tushdi.
28-sentabr kuni jamoamiz guruhdagi ilk o‘yinini Qozog‘iston terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Murosasiz va shiddatli o‘tgan uchrashuvda Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabining sportchisi Berdiyor Aydarov tomonidan urilgan yagona gol jamoamizga muhim g‘alabani taqdim etdi. Uchrashuv 1:0 hisobida yakunlandi.
30-sentabr kuni guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida O‘zbekiston chovkenchilari Turkiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishdi. Chavandozlarimiz yuksak mahorat va jamoaviy o‘yin ko‘rsatib, 4:0 hisobida yirik g‘alabaga erishishdi. Mazkur o‘yinda Firdavs Asralov het-trik (3 ta gol), Asqad Botiraliyev esa 1 ta gol muallifi bo‘ldi.
Natijada O‘zbekiston terma jamoasi jamoaviy bosqichni 1-o‘rin bilan yakunlab, yarim final bosqichiga yo‘l oldi. Katta ehtimol bilan, yarim finalda jamoamiz Bahrayn yoki qo‘shni Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Terma jamoamizga musobaqaning keyingi bosqichlarida omad tilaymiz!