Namanganda katta uloq-ko'pkari bo'lib o'tdi
Kuni kecha, 22-noyabr shanba kuni Milliy gvardiya Namangan viloyati bo'yicha boshqarmasi, Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi hamda O'zbekiston Uloq-ko'pkari federatsiyasi viloyat bo'limi hamkorligida Chavandozlar maktabi hududida katta uloq-ko'pkari musobaqasi o'tkazildi.
Ko'pkari musobaqasida ishtirok etish uchun Qirg'iziston Respublikasi hamda respublikamizning barcha viloyatlaridan mohir chavandozlar tashrif buyurishdi.
Hakamlar 55kg vazndagi uloqni to‘daga tashlaganidan so'ng maydon yuzlab otlar dupuriga to‘ldi. Uloqni maydonga tashlagan bakovul butun ko‘pkari davomida o‘yinga hakamlik qildi. Talato‘pdan uloqni ajratib olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun yaxshi ot, bilak kuchi va ulkan tajriba kerak.
Otlarning pishqirishi, tuyoqlar dupuri, chavandozlarning shiddatli qiyofasi, bakovulning hayqirig‘i, son-sanoqsiz tomoshabinlarning qiy chuviga to‘lgan maydon zavqi bilan kishini lol qoldirdi.
Haqiqatdan ham to‘da-to‘da otlarning pishqirishi, qamchining havoda aylanishi, “Ha, halolla azamat” deb bakovullarning baqirishi, chavandozlarga ruh bag‘ishlaydi. Qamchini etik qo‘njiga tiqib olgan, yugan uchini egar boshiga ilib uloqqa uzalgan chavandozni hech kim shahdidan qaytara olmaydi.
Uloq-ko‘pkari - bu chavandozlar bahsi. Ko‘pkari chopish - chavandozlarning ot ustida ommaviy musobaqa shartlarini bajarib, g‘olib chiqish uchun olib boradigan kurash-jangidir.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Mazkur tadbir milliy sportimizni keng targ‘ib qilish, bahodir chavandozlar o'rtasida mardlikni jasurlikni shijoatni oshirishga xizmat qildi.




