Bugun Milliy gvardiya qo‘mondonligi anjumanlar zalida O’zbekiston Tentpegging federatsiyasi bilan hamkorlikda navbatdan tashqari yig’ilishi bo’lib o’tdi

Mazkur yig’ilish Milliy gvardiya qo’mondoni o’rinbosari polkovnik S.Mamayusupov rahbarligida olib borildi. Unga ko’ra, federatsiya rahbariyati tarkibiga tavsiya etilgan nomzodlarning ro’yhatlari taqdim etildi. Ovozga qo‘yish natijasida B.Gaziyev federatsiya raisi etib tayinlandi. Shuningdek, federatsiya administratsiyasi tarkibi ham ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlandi.

B.Gaziyev masʼuliyatli vazifani bajarishga kirishar ekan, kelgusida ot sportining tentpegging turini xalqaro sport arenalariga olib chiqish borasidagi rejalari bilan bo‘lishdi.

Ta’kidlab o’tish joizki, Tentpegging - qadim zamonlardan beri ma’lum bo‘lgan sport turi bo‘lib, Xalqaro ot sporti federatsiyasi tomonidan tan olingan o‘nta yo‘nalishdan biridir. Ushbu sport turida ot choptirib ketayotgan chavandoz qo‘lidagi nayza yoki qilichni yerdagi kichik buyumga (rasmiy nomi «chodir qozig‘i», ingliz tilida tent peg) sanchib, uni qurolning uchiga ilib olishi kerak.

Yig‘ilish davomida Milliy gvardiya Chavandozlar maktablarida tentpegging turini yanada rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash ishlariga e’tibor qaratish, chavandozlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz bo‘ylab ot sporti turlari bo’yicha musobaqalarni o‘tkazish maqsadida hududiy bo‘limlardagi ishlarni yanada jonlantirish lozimligi aytib o‘tildi.

Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi tentpegging sport turini rivojlantirish va ommalashtirish, mazkur sport orqali aholi, ayniqsa yoshlarni ot sportiga qiziqtirish, tentpegging hamda boshqa ot sporti turlarini xalqaro sport arenalarida yurtimiz bayrog’ini ko’klarga ko’tarishdan iborat.

Boshqa xabarlar