Bugun 11-dekabr kuni, Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari direktorlari bilan 2025-yil sarhisobi bo’yicha navbatdagi kengash yig'ilishi bo’lib o’tdi

Yig’ilishda Davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-avgustdagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5212-son qarorida Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari tomonidan ot sporti turlarini aholi o‘rtasida eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash, saralab olish (seleksiya) va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash, ushbu sport turlari rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash va ommalashtirish, ular bo‘yicha milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda ishtirok etishi va yuqori natijalarga erishilishini ta’minlash ko’zda tutilganligi alohida e’tirof etildi.

Kengash yig’ilishining asosiy maqsadi hududlardagi Milliy gvardiya Chavandozlar maktablarining dolzarb masalalari, ularning 2025-yil davomida hududlarda ot sportini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari, yil davomida erishgan yutuqlari va natijalari, Chavandozlar maktablariga jalb etilgan o’quvchi va talaba yoshlar, maktablardagi o’quvchi sportchilarning erishgan natijalari bo’yicha O’zbekiston Milliy terma jamoa a’zoligiga qabul qilinishi, sport ustasiga nomzod, sport ustasi hamda Xalqaro toifadagi sport ustasi darajalarini olishlari, yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish, milliy merosimiz bo’lgan Qorabayir zotli otlarni ko’paytirish, qolaversa bundan tashqari, Ippoterapiya (otlar yordamida kasalliklarni davolash) uslubi yordamida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo'yicha bosqichma-bosqich olib borilayotgan jismoniy mashg‘ulotlardan iborat bo’ldi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida kelgusi 2026-yil uchun belgilangan vazifalar, mashg’ulotlar sifatini oshirish tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish yo'lida o’quvchi-sportchilarga eng yangi usullarni qo’llagan holda zamonaviy bilim va ko'nikmalarni o'rgatish, murabbiylarning malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan ustuvor yo'nalishlarni belgilash, joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olishga (selektsiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilab olindi. Yig‘ilish yakunida esa aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi bo‘yicha mas’ullar belgilandi.

Shu bilan bir qatorda yig‘ilish doirasida Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi, O’zbekiston Kamondon otish federatsiyasining Toshkent shahar hududiy bo’limi bazasi  hamda Milliy gvardiya markaziy devoni muzeyiga ekskursiyalar tashkil etildi.

Ekskursiyalar davomida ishtirokchilarga ushbu maskanlarning faoliyati, tarixiy ahamiyati va yangi avlod chaavndozlari va saportchilari tarbiyasidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berib o’tildi.

Mazkur yig'ilishda Milliy gvardiya markaziy devoni, O’zbekiston Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari, Milliy gvardiya Ot sporti bo'yicha respublika oliy sport mahorati maktabi hamda Qashqadaryo viloyatidagi Milliy gvardiya Qorabayir otchilik majmuasi mutasaddi vakillari ishtirok etishdi.

Boshqa xabarlar