“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chavandozlar maktabi hamkorligida ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi

Atrof-muhitni asrash, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik muvozanatni ta’minlash maqsadida respublikamiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chavandozlar maktabi hamkorligida ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi

Xususan, kuni kecha Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Chavandozlar maktabi hududida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Tadbir davomida 600 dan ortiq mevali daraxtlar shuningdek, 2000 dan ziyod manzarali daraxt va butalar ekildi.

Mazkur tashabbus nafaqat hududni obodonlashtirish va ekologik holatini yaxshilashga, balki yosh avlodga tabiatga e’tibor va mehr tuyg‘usini singdirishga ham xizmat qiladi. Loyiha davomida xodimlar va harbiy xizmatchilar faol ishtirok etib, daraxt ekishning barcha agrotexnik qoidalariga amal qildilar.

Shuningdek, ko‘chat ekish jarayonida tuproq sifatini yaxshilash, sug‘orish tizimlarini tartibga solish va parvarishlash ishlari ham tashkil etildi. Ekilgan daraxtlar kelgusida Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi hududining yanada go‘zal, soya-salqin va ekologik jihatdan sog‘lom maskanga aylanishiga xizmat qiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi bunday tadbirlar Xorazm viloyatining barcha tuman va shaharlari bo‘ylab izchil davom ettirilmoqda.

Boshqa xabarlar